Dilobarni
bir ko’rgandayoq yoqtirib qolgandim. O’qishga kirishdan oldin u bilan
bitta o’quv markaziga qatnar edik. Ammo Dilobar meni tanimasdi. O’sha
paytlar uning qaysi oliygohga kirmoqchi ekanligini surishtirib, men ham
hujjatlarimni o’sha yerga topshirishga qaror qildim. O’shanda
nega bunday qilganimni tushunmagandim. Vaqt o’tib Dilobarni jonimdan
ortiq ko’rishimni tushundim. U esa menga har tong "salom” deyishdan
nariga o’tmasdi. To’g’ri, o’zimniyam bir og’iz so’z qotishga tilim
bormasdi.. Shu tariqa, uni zimdan kuzatishlarim, ich-ichimdan
yonib-kuyishlarim, unga yubormay kitob ichiga berkitib qo’ygan
maktublarim bilan 4 yilni ham o’tkazib yuboribman. Bitirish arafasida
oyog’i kuygan tovuqdek tipirchilab qoldim. Axir bitirib ketsak, uni
ko’rmayman! Buning ustiga uning ham uzatiladigan vaqti yetdi, Dilobardan
ayrilib qolsam menga yashashning keragi yo’q! Shu o’ylar bilan har kuni
unga aytajak izhorimni tayyorlab kelardimu, uning ko’zlariga ko’zim
tushganda barini unutib qo’yardim. Ammo bir kuni…
-Azamat, tashqariga chiq, Dilobaringni kimdir so’rab keldi!- sirlarimdan xabardor yaqin do’stim kapalagimni uchirib yubordi. Yuragimni
ilk bora rashq azobi kemira boshladi, uchib ko’chaga chiqdim. Qarasam,
dilobar bilan bir norg’ul-novcha yigit daraxt soyasida gaplashib
turishibdi. Bilmagandek bo’lib, ular tomon yurdim va gaplariga asta
quloq tutdim. -Axir aytdim-ku, Bahodir,nega tushunmaysiz, Siz bilan kinoga borishni istamayman. -Bir
yildan beri ortingdan yuraman, Dili. Har gal rad etasan. Sabrimni
sinamoqchimisan.? Yo’q endi menga baribir. Bugun sovchilarimga "xo’p”
deysan. Qani, oldimga tush, kinoga boramiz. Nozlaring yetar endi! Jinim
qo’zib ketdi. Hatto hech kim senirashga tili bormaydigan shunday
muloyim va ma’sum qizga buyruq bergani nimasi! Do’q qilishi-chi! Asabim
o’ynab ketdi. -Meni tinch qo’ying sizni yaxshi ko’rmayman. -Yaxshi
ko’rasan. Qani, ayt, agar sevganing bo’lsa kelsin! Demak, yo’q! Birovga
berib bo’pman seni! –yaramas yigit Dilobarning qo’llaridan ushlab
tortganida chidab turolmadim. Shart borib yoqasidan oldim. Bo’yim uning yelkasidan kelib tursayam, bilaklarim kuchga to’la edi: uloqtirib yubordim. -Sen qayerdan paydo bo’lding, jo’jaxo’roz?- o’zini o’nglab olgan naynov menga yaqinlashdi. –Kimsan o’zing? Dilobar mendan ko’zlarini uzmay turardi. Dadillandim. -Men
Dilobarni sevaman! – bu gapni shunday baqirib aytibmanki, hov naridagi
kursdoshlarim ham baqa bo’lib qolishdi. – Sevgilimni tinch qo’y yo’qsa…. -Unda isbotla! – naynov mena o’dag’ayladi. – Qani sen bilan ketib ko’rsin-chi? Shunda
shart Dilobarning qo’llaridan ushlab, uni olib ketdim. Xoliroq joyga
kelib qarasam, ortimdan hech kim kelmayapti. Qiziq… Dilobar esa menga
qarshilik qilmas, negadir jilmayib turardi. -Meni undan xalos qilish uchun atay qildingiz, rahmat, kursdosh, yordamingizni unutmayman! - Iye, bu nimasi? Naxot dardimni aytib ham "aytolmasam”? Yo’q, nima bo’lsa bo’lar, muhabbating uchun kurash, Azamat! -Yo’q,
rost, sizni sevaman!-dedim, -mayli, balki menga ko’nglingiz yo’qdir,
ammo unutmang, qachon, qayerda bo’lsayam, bu dunyoda sizni kutguvchi bir
inson bor. Men sizni muhabbatizni bir umr kutaman…. O’sha
kuni tilim tushmagur dilimdagilarni to’kib sochdi. Dilobar esa jimgina
tingladi. Kunlar o’tib, biz ham oshiq- ma’shuqlarga aylandik. Dilobar
esa meni yuz yildan buyon sevgandek edi go’yo. O’sha
yili to’yimiz bo’ldi. Dilobardek mehribon qizga uylanayotganimdan shod
bo’lib, to’yda savlat to’kib o’tirgandim, bir payt to’yda xizmat
qilayotgan tanish yigitga ko’zim tushdi. Ha, ha o’sha , Dilobarga
shilqimlik qilgan naynov-ku! Tag’in to’yda bir dilxiralik boshlagani
kelgan bo’lmasin. G’azabim qo’zib, o’rnimdan turib ketayozgandim,
Dilobar bilagimni chimdib o’tirg’izib qo’ydi.
-Qo’ying, xafa qilmang, tag’in -Bu yerda unga nima bor? Darhol ko’zimizdan yo’qolsin! -Iloji yo’q… Amakivachchasining to’yida xizmat qilmasa uyat bo’ladi, - Dilobar kulib qo’ydi. Unga
hayron bo’lgancha tikilib qoldim. To’y o’tgach, Dilobar menga barini
aytib berdi. Aytishicha u yigit amakisining o’g’li ekan. Aslida Dilobar
uni yoqtirishimni birinchi kursdayoq sezgan, aytolmay yurganimniyam
bilarkan. Tilimga zabon bitishi va meni sinab ko’rish niyatida o’sha
tomoshani uyushtirishgan ekan. Bundan sal jahlim chiqdiyu, ammo bu
o’zimga foyda bo’lganini o’ylab, rafiqamni burnini chimdilab qo’ydim.
Bahodir bilan esa hozir aka-ukadekmiz. Juda yaxshi yigit ekan. Ha, unga
kelin topib beraman, deb va’da berib ham qo’ydim