O‘zbekiston Milliy matbuot markazida mamlakatimiz axborot-kutubxona
va axborot - resurs markazlari faoliyatini takomillashtirish va xizmat
ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash borasidagi ustuvor vazifalar
ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Respublika
axborot-kutubxona markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mazkur soha
mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Kutubxonalar necha asrlar davomida insoniyatga qimmatli bilim olish
va uni kelajak avlodlarga yetkazish vositasi sifatida xizmat qilib
kelmoqda. Bugungi kunda kutubxonalar jahon miqyosida kitobxonlarga bepul
xizmat ko‘rsatadigan eng gavjum madaniyat o‘choqlariga aylandi.
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida barcha sohalarda amalga
oshirilayotgan yangilanishlar kutubxonalarning ham jamiyatdagi o‘rni va
ahamiyatini o‘zgartirdi. Bugungi kun ularning ishini innovatsiyalar
asosida tashkil etish, turli toifadagi foydalanuvchilarga xizmat
ko‘rsatishning yangi shakl va usullarini, kutubxona faoliyatining yangi
yo‘nalish hamda vositalarini izlab topishni taqozo etmoqda.
– Mamlakatimizning barcha hududlarida zamonaviy axborot-kutubxona va
axborot-resurs markazlarining tashkil etilgani aholi, ayniqsa,
yoshlarning ilmiy, intellektual va kasbiy salohiyatini yuksaltirishga
xizmat qilmoqda, – deydi Respublika axborot-kutubxona markazi direktori
Alisher Eshmatov. – Prezidentimizning 2006-yil 20-iyunda qabul qilingan "Respublika
aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish
to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim omil bo‘layotir. Qarorga
muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent
shahridagi jami 14 ta ommaviy kutubxona O‘zbekiston aloqa va
axborotlashtirish agentligi tasarrufiga o‘tkazilib, ularning negizida
axborot-kutubxona markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bu axborot-kutubxona markazlari uchun turli vazirlik va idoralarning
hududiy axborot-kutubxona muassasalariga uslubiy yordam berish hamda
aholiga zamonaviy axborot texnologiyalari asosida sifat jihatidan yangi
xizmatlar ko‘rsatish imkonini yaratdi. Axborot-kutubxona markazlarida
kitoblar fondini doimiy ravishda yangilash va to‘ldirib borish,
ilmiy-ma’rifiy, badiiy kitoblar, noyob asarlarning elektron shaklini
yaratish, kitobxonlarga tezkor va sifatli axborot-kutubxona xizmatlarini
ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda axborot-kutubxona markazlarining kitob fondi 5
millionga yaqin nusxani tashkil etadi, har yili bu ko‘rsatkich
o‘rtacha 12 ming nusxaga ko‘paymoqda. Axborot-kutubxona markazlari
tashkil etilganidan buyon ulardan foydalanadigan o‘quvchilar soni 270
mingga yetdi, ularning 50 foizdan ortig‘i esa yoshlardir.
Axborot-kutubxona markazlarini bosqichma-bosqich internet va "ZiyoNET” tarmoqlariga ulash
ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘quv zallarida o‘rnatilgan 340
dan ortiq bo‘linmalarda tashkil etilgan avtomatlashtirilgan ish
joylaridagi 170 ta kompyuter lokal tarmoqqa ulangan bo‘lib,
kitobxonlarning ushbu tarmoqdan foydalanishi uchun imkoniyat yaratilgan.
Axborot-kutubxona muassasalarining me’yoriy-huquqiy bazasini
mustahkamlash maqsadida 2011-yil 13-aprelda O‘zbekiston Respublikasining
"Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni
qabul qilindi. Qonunda axborot-kutubxona fondlarini shakllantirish,
ularning saqlanishini ta’minlash, elektron katalog va kutubxonalar
yaratish, AKT asosida axborot-kutubxona resurslaridan birgalikda
foydalanish va almashishga doir normalar belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-fevralda qabul
qilingan "2011-2015 yillarda axborot-kutubxona va axborot-resurs
xizmatini axborot-kommunikatsion texnologiyalar asosida sifatli
rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga
muvofiq, o‘tgan yili sohaga axborot, kutubxonachilik va noshirlik
ishlari bo‘yicha davlatlararo standartlar tizimiga kiradigan 3 ta davlat
standartini joriy qilish ishlari boshlandi. Ushbu standartlar elektron
kutubxonalar faoliyati, mualliflik huquqini himoya qilish belgisi,
shuningdek, elektron axborot-kutubxona resurslarining bibliografik
tavsifini aniq belgilab beradi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga
javob oldilar.
|