Namangan viloyatidagi yo‘lovchilarni yengil avtomobillarda tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi eng faol korxonalardan biri bo‘lgan "Umid” SIChXK bugungi kunga qadar o‘z tarkibiga biriktirilgan yengil avtomobillardan 64 tasini sariq rangga bo‘yatib, shulardan 61 tasiga maxsus davlat raqamlari olgan holda bu borada peshqadamlik qilmoqda.
Umuman, viloyatda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 18 maydagi "Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 139-son qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan keng targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘z natijasini bermoqda. Jumladan, shu paytga qadar joylarda viloyat hokimining o‘rinbosari, tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosarlari, Namangan shahar IIB YHXG, viloyat DSB, Shahar DSI boshliqlari, shuningdek, viloyat Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish boshqarmasi, Markaziy bank, viloyat Moliya boshqarmasi, viloyat Savdo-sanoat palatasi, Namangan viloyat teleradiokompaniyasi, "Namangan haqiqati” gazetasi, "Namangan avtotexxizmat” OAJ, Namangan shahar yo‘lovchi tashish boshqarmasi vakillari hamda viloyat va tuman arxitektorlari ishtirokida shahar va tumanlarda 39 ta seminar-yig‘ilishlar o‘tkazilgan bo‘lib, ularda jami 4479 nafar tashuvchi korxona rahbarlari va haydovchilar ishtirok etishdi.
Shuningdek, O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining Namangan hududiy bo‘limi tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali ham ko‘plab chiqishlar qilindi. Ayniqsa, "Namangan haqiqati” gazetasidagi "Namangan taksilari” sarlavhali, "Ekspress info” gazetasidagi "Damaslarga litsenziya berilmaydimi?” sarlavhali, "Qishloq hayoti” gazetasidagi "Ishonchli, bexavotir yo‘nalishsiz taksilar” sarlavhali maqolalar tashuvchilarda yaxshi taasurot qoldirdi. Bundan tashqari Namangan televideniesi bilan hamkorlikda ham yettita ko‘rsatuv tayyorlandi.
Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida viloyat bo‘yicha bugungi kunga qadar qaror talablari doirasida jihozlangan yengil avtomobillar soni 345 taga yetdi. Ular maxsus davlat raqamlari va litsenziyalar bilan ta’minlangan holda aholi xizmatiga chiqarilmoqda.
Shu bilan birgalikda, yuqorida qayd etilgan hukumat qaroriga ko‘ra viloyatda yo‘nalishsiz taksilar uchun 13 ta maxsus jihozlangan to‘xtab turish joylarini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, bu yo‘nalishdagi ishlar ham jadal suratlarda olib borilmoqda. Shu bois bugunga qadar yo‘lovchilar ko‘p to‘planadigan maydonlarda 12 ta maxsus to‘xtab turish joylari qurilib foydalanishga topshirildi. Bu esa qonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan taksichilar uchun yaratilgan qulaylik, boshqacharoq qilib aytganda, o‘ziga xos rag‘bat bo‘lmoqda. Ana shunday rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan yana biri esa viloyatdagi barcha avtomobillarga gaz quyish shaxobchalarida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan transport vositalari uchun alohida yo‘lakchalar ajratilganligidir. Ya’ni, ularga bu yerda navbatsiz xizmat ko‘rsatiladi.
O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmat