"Odnoklassniki”
ijtimoiy tarmog‘i endi video-reklama orqali ham pul ishlab topishga
qaror qildi: kompaniya yaqinda o‘zining saytida maxsus "Video” bo‘limini
ochdi. Ushbu bo‘lim uchun kontentni "Gazprom-media” xolding
kompaniyasi tarkibiga kiruvchi "RuTube” ta’minlab beradi.
"Odnoklassniki”
prezidenti Ilya Shirokovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu servisdan
foydalanish imkoniyati foydalanuvchilar uchun bosqichma-bosqich
ravishda ochiladi. Yil oxiriga kelib esa, sayt foydalanuvchilarining
har uchtadan bittasi kamida bir marta ushbu xizmatdan foydalanadi, deya
taxmin qilmoqda kompaniya rahbari. Foydalanuvchilar o‘zlari yoqtirgan
video-rolikni "Klass” tugmachasi orqali do‘stlariga ham ulashishlari
mumkin. Servisdan foydalanish bepul.
Hozircha
mazkur bo‘limga foydalanuvchilarning o‘zlari tomonidan suratga
olingan, professional bo‘lmagan videolar qo‘yiladi. Biroq,
"Odnoklassniki” litsenziyali kontent borasida ham muzokaralar olib
bormoqda.
Kontent
bilan ta’minlash va reklamani sotish ishlari bilan "RuTube” xizmati
shug‘ullanadi. "RuTube” bosh direktori Mixail Ilichevning so‘zlariga
ko‘ra, tomonlar bir yillik ekskluziv shartnoma imzolagan. Ushbu
shartnomaning muddati keyinchalik uzaytirilishi ham mumkin.
Video-reklamalardan
tushgan daromadning ma’lum qismi "Odnoklassniki”ga kelib tushsa,
qolgani to‘lig‘icha "RuTube” kompaniyasi hisobiga o‘tadi.
Dastlabki
hisob-kitoblarga ko‘ra, "Odnoklassniki” foydalanuvchilari bir oy
mobaynida 120-130 millionta video-rolikni ko‘rishlari mumkin. Hozirda
"RuTube” saytida bir oyda 150 millionga yaqin video ko‘riladi.
"RuTube”
ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili kompaniyalar Runetda reklama qilish
uchun jami 531 million rubl sarflashgan. Bu ko‘rsatkich 2009-yilga
qaraganda 77% ga ko‘p demakdir. Internetdagi video-reklama bozorida
"RuTube”ning ulushi 30% deya baholanmoqda. Shunday qilib, "RuTube”
2010-yilda video-reklamadan jami 160 million rubl (5,3 million $)
daromad olgan.
Litsenziyali
video mahsulotlarini tarqatish bilan shug‘ullanuvchi Zoomby.ru va
Ivi.ru servislari ham "Odnoklassniki” bilan hamkorlik qilishga tayyor
ekanliklarini bildirgan.
Eslatib
o‘tamiz, "Odnoklassniki”ning asosiy raqobatchisi hisoblangan
"Vkontakte”da ham video-roliklarni bepul ko‘rish mumkin. Biroq, unda
video-reklamalar sotilmaydi.
Avval
xabar qilganimizdek, "Odnoklassniki” 2010-yilda reklama biznesidan 662
million rubl (23,3 million $) daromad olgan, pullik xizmatlardan esa –
1,3 milliard rubl.
Manba: infoman.uz
|