Yosh oilaning keyingi holati sizni
qiziqtirayotgan bo‘lsa kerak. Bizni esa ko‘proq yigitning, shu
bilan birga, uning ota-onasi, umuman, kattalarning bo‘lajak
oilaga bu qadar yuzaki munosabatda bo‘lishlari ajablantirdi.
Istalgan qizga uylanib ketaveradigan yigit ertaga qanday qilib
ro‘zg‘or tebratishi mumkin? Mayli, buni- ku bir amallab
uddalar, lekin u oila mas'uliyatini his qila olarmikan? Yoki
nikohni faqat er- xotin munosabatlari deb tushunganicha qolib
ketaveradimi? Ehtimol, oila mas'uliyatini qay darajada his
qila olish juft tanlash bilangina o‘lchanmas. Ammo butun
umringni bog‘layotgan inson kim va u bilan mustahkam oila qura
olasanmi-yo‘qmi - shu haqda chuqurroq o‘ylab ko‘rish
kerak-ku! «Nikohgacha bir-birini ko‘rmasdan baxtli yashab
ketgan yoshlar qancha» deya e'tiroz bildirishga shoshilmay
turing. Hammasini taqdirga to‘nkash to‘g‘rimikan? Oila o‘z
nomi bilan muqaddas. Turmushning o‘ziga yarasha
og‘ir-engilliklari bor. Yosh yigit-qizlarni unga tayyorlab
borish, hech bo‘lmasa, oilaga yuzaki qaramasliklarini
tushuntirish yaxshi emasmi? Chimildiq orzusi Respublika «Oila»
ilmiy-amaliy markazi direktori o‘rinbosari, pedagogika
fanlari nomzodi, dotsent Davron Xoliqovning bu boradagi
fikrlari sizga ham asqotib qolar: - Oila avlodlar
davomiyligini ta'minlovchi muhim omil hisoblanadi. Uning
muqaddasligi sabablaridan biri ham shunda. Yoshlarning oilaga
tayyorgarlik ko‘rib borishi uning mustahkam, havas qilgulik
darajada bo‘lishi sabablaridan biridir. Turmush qurayotganda
shar'iy va qonuniy nikohda ham kelin-kuyovga oila va nikohning
muqaddasligi haqidagi majburiyat yuklanadi. Asosiy maqsad esa
muqaddas sanalgan bu maskanga yoshlar shunchaki munosabatda
bo‘lmasdan, mas'uliyat bilan yondashishlarini ta'minlashdir.
Afsuski, hozir ayrim yoshlarda bu borada chala xulosa va xom
fikrlargina bor, xolos. Nazarimda, yoshlar oila qurishga u qadar
shoshilmayaptilar. Ba'zi bir yoshlarda sharm-hayoning
ko‘tarilib borayotgani buning bir sababi bo‘lsa kerak. Ilgarilari
yigit va qiz unashtirilganlaridan keyin 3-6 oy muddatda
bir-birlarini sinash maqsadida uchrashganlar. Bu uchrashuv
yashirin tarzda, odamlar ko‘zidan yiroqda bo‘lgan. Shunday
bo‘lsa-da, ortiqcha harakatlar, behayolik va axloqsizlikka
yo‘l qo‘yilmagan. Bu esa uylanishga, visolga ishtiyoqni
kuchaytirishi tabiiy. Chimildiq orzusi ularni o‘tkinchi hoyu
havaslarga berilmaslikka undagan. Axir, muqaddas go‘shaga pok
va ezgu niyatlar bilan kirish baxti naqadar totli. Ko‘chada
yalab-yulqashish haqida esa gap bo‘lishi ham mumkin emas.
Hozir-chi? G‘arb turmush tarzining yoshlar ongiga salbiy
ta'siri natijasida oila, er-xotin munosabatlariga putur
yetmoqda. Endi ular uylanish borasida ham g‘arbliklarga taqlid
qilishga o‘tib ketdilar. Nikohsiz turmush qurish hollari ro‘y
bermoqda. Xiyobonlardagi «oshiq-ma'shuqlik», tungi
klublardagi diskotekalar, bir lahzadagi tanishuvlar yoshlarda
«hirsiy muhabbat»ning ustun bo‘lishiga olib kelmoqda. Shu
sababmi, ayrim yigitlarda uylanmaslikka ishtiyoq paydo
bo‘lmoqda. Turmush qurmasdan ham yashash mumkin, degan o‘y
ularni uylanishga «shoshirmayapti». Oila, aslida, chin
muhabbat asosiga qurilishi kerak. Lekin yoshlar o‘zlaridagi
hissiyotni chin muhabbat deb qabul qiladilarmi? Yo‘q, bu
ko‘pincha shunchaki havasdan boshqa narsa emas. «Bir qarashda
sevib qolibdi» degan gaplarni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bunda
faqat tashqi qiyofa nazarda tutiladi. Bu ham oila
mustahkamligiga to‘siq bo‘ladigan omillardan biridir.
Kuzatuvlarimiz natijasida ma'lum bo‘ldiki, kelin yoki kuyov
tanlashda ota-onalar, birinchi navbatda, «nomzod»ning
salomatligi va tarbiyasiga e'tibor qaratadilar. Chunki ular ko‘pni
ko‘rgan va bu borada ma'lum tajribalarga ega. Yoshlar esa hali
g‘o‘r. Shundanmi, yosh yigit-qizlar bo‘lajak umr yo‘ldoshining
boyligi va chiroyiga «uchadilar». Yoshlar, umuman,
yurtdoshlarimiz shu kabi noto‘g‘ri tushunchalarga
berilmasliklari, ularda oila mas'uliyatini kuchaytirish
maqsadida markazimiz tomonidan turli chora-tadbirlar amalga
oshirilmoqda. Respublikamizning barcha viloyatlarida,
poytaxtimizda o‘tkazilayotgan davra suhbatlari, uchrashuvlar,
ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar shular
jumlasidandir. www.voy.uz