Toshkent shahar xo‘jalik sudi 30-iyul kuni "MTS-O‘zbekiston”
litsenziyasining to‘xtatilishi muddatini uch oygacha uzaytirish
to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi xabar bermoqda.
O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi
(O’zAAA)ning 2012 yil 17 iyuldagi 19-L-son buyrug’iga ko’ra MChJ
shaklidagi «O’ZDUNROBITA» XKga ko’chma radiotelefon (mobil) aloqa
tarmoqlarini loyihalash, qurish, foydalanish va xizmat ko’rsatish uchun
2004 yil 28 iyulda berilgan AA seriyali 000682-raqamli litsenziyasining
amal qilishi yo’l qo’yilgan qonun buzilishlarini bartaraf etish uchun
2012 yil 17 iyul soat 18:00 dan 10 ish kuniga to’xtatilgan edi.
MChJ shaklidagi «O’ZDUNROBITA» XKning 2012 yil 18 va 24 iyuldagi
xatlari bilan O’zAAAning yuqorida qayd etilgan buyrug’ida ko’rsatilgan
qonunbuzarliklarning bartaraf etilganini ma’lum qildi va tarmoqni
tiklash maqsadida 28.07.2004 yildagi AA seriyali 000682-raqamli
litsenziyasining amal qilishini tiklash to’g'risida qaror qabul qilish
to’g'risida murojaat qilgan.
Keyingi olib borilgan monitoring natijalariga ko’ra O’zAAAning 2012 yil
17 iyuldagi 19-L-son buyrug’ida ko’rsatilgan noqonuniy foydalanish,
xususan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi radiorele liniyalaridan
noqonuniy foydalanish to’xtatilmaganligi aniqlandi.
Aniqlangan dalillar Kompaniya tomonidan Davlat aloqa inspeksiyasining
va O’zAAA buyrug’idagi ko’rsatmalari bajarilmaganligidan dalolat
beradi, bu esa Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 22 noyabrdagi 458-son
qarori bilan tasdiqlangan "Telekommunikatsiyalar sohasida litsenziyalash
to’g'risidagi Nizom”ning 46-bandiga muvofiq litsenziatning
majburiyatlarini bajarmaganligi sifatida tan olinib, litsenziyaning amal
qilinishining to’xtatilishiga sabab bo’ldi.
"Ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash to’g'risida”gi O’zbekiston
Respublikasi Qonunining 22-moddasiga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining
2000 yil 22 noyabrdagi 458-son qarori bilan tasdiqlangan
"Telekommunikatsiyalar sohasida litsenziyalash litsenziyalash
to’g'risida Nizom”ning 45-bandiga muvofiq litsenziat tomonidan
litsenziya beruvchi organning aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf
etish to’g'risidagi qarorini bajarmaganligi uchun Toshkent shahar
Xo’jalik sudi mazkur litsenziyaning amal qilishining to’xtatilishi
muddatini uch oyga uzaytirish to’g'risida qaror qabul qildi.
manba: kun.uz