Среда, 04.12.2024, 12:17
ZERIKISHDAN UMID UZ!!!
 
Меню сайта

Категории раздела
Yangiliklar
Shou biznes
Tibbiyot
Ilm-fan
Telekomunikatsa
Xorij habarlari
Qiziqish hobbi
Tabiat
Oila va jamiyat
Sheriyat
Sport
Sevgi
Elyor Temirov
Foydali maslahatlar
Hikoyalar
Obidjon Obidov
EURO 2012 FOTO
Kashfiyot
Suxbat

Мини-чат
200

Наш опрос
Saytimizda nimalar koproq bolishini xoxlesiz?
Всего ответов: 124

Статистика

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0

Главная » 2012 » Февраль » 21 » MANIM HAZRATIM
09:15
MANIM HAZRATIM

Navoiy haqida tong chog‘i yozsang. Derazani lang ochib qo‘ysang, ozod nasimlardan ko‘ksingni to‘ldirib nafas olsang-da, yutum-yutum pokiza havoning har bir hujayrangda sirqirab yugurayotganini his qilsang, botiningdagi barcha ichkin g‘uboringni o‘tday ufursang-da, bokiralanib yozishga o‘tirsang. Umrining ibtidosida Attorning «Mantiq ut-tayr»ini – «Qushlar mantig‘i»ni o‘qib oshiq bo‘lgan va umri ibtidosida «Lison ut-tayr»ni - «Qush tili»ni bitgan Navoiy haqida so‘z bitayotganingda, tashqarida qushlar chug‘urlab tursa. Navoiy haqida yozishdan oldin ozodalanishing, eng ohorli ko‘ylagingni kiyishing kerak. Navoiyni o‘ylasang, u to‘g‘risida yoza boshlasang, keskin tiling yumshaydi, so‘zlaring ham orolanib, chiroy ochib boraveradi.

 

   Har kimning o‘z Navoiysi bor. Bo‘lmog‘i kerak. Navoiysiz o‘tgan kun kun emasdir. Mana bu rivoyatni ham hazrat keltirganlar. Bir kuni o‘rmonda ko‘r sayyohlar to‘dasi filga duch kelib qoladi. Filni o‘zlariga duch kelgan yerini paypaslab ko‘radilaru tasavvur qiladilar. Keyin yurtga kelib hikoya qiladilar. Filning oyog‘ini ushlagani uni «ustun» deb ta’riflaydi. Dumini tutgani «ilon»ga o‘xshar ekan, deydi. Belini tutgani - «qo‘tosga», qulog‘ini paypaslagani «yaproqqa» mengzaydi... Navoiy salohiyati ham ulkandir. Navoiy hayoti va ijodining u yoki bu jihatiga oshno tutinib qolgan bizlar ham shu ko‘r sayyohlarga o‘xshaymiz. Ha, har kimning o‘z Navoiysi bor. Birov «Xamsa»dan xabardor. Yana birov «devon»larni o‘qishga jazm etgan. Yana kimdir «Mahbub ul-qulub»ni mutolaa qilgandir. Hech bo‘lmaganda, Yunus Rajabiyning «Qaro ko‘zim»ini, Munojot Yo‘lchieva ijrosidagi «Munojot»ni yoki Otajon Xudoyshukurning «Suvora»sini eshitganmiz. Har kim Navoiyga yondoshdir. Navoiyni butunicha tasavvur qilish «filni fil holicha ko‘rish» - ehtimol, imkonsizdir, mislsiz aqliy mehnatni talab qiladir.

Har kimning o‘z Navoiysi bor. Umrimizdagi har yoshimizning o‘z Navoiysi bor. Biz umrimiz mobaynida Navoiyga qayta-qayta kelaveramiz. Bolaligimizda yosh Alisher va Husayn Boyqaroning do‘stligiga havas qilganmiz. Yigitlikda o‘zimizni Farhodu Majnunga mengzaganmiz, o‘z Layli va Shirinlarimizga Navoiy baytlaridan qistirib maktublar bitganmiz. Hayot taloto‘plariga duch kelganda, musofirlikda yurganda Hirotu Samarqand, Qobulu Astrobod kezib shahzodalarni sulhga keltirgan Navoiyga topinamiz. Ulg‘ayganimiz sari Navoyimiz ham «ulg‘ayadi», oppoq soqollarini silab, chigal savollarimizga biz bilan birga yechim izlaydi, hayotsevarligimizda Navoiy bo‘lib navosozlik qiladi, keksalikda umri bebaqoni o‘ylab uyga tolganimizda, Foniy bo‘lib dars beradi, o‘lim va abadiyat to‘g‘risida hamsuhbat bo‘ladi, hamdardlashadi.

Mening ham o‘z Hazratim – Alisher Navoiyim bor. U ilk o‘qituvchilarim – Ne’matulloh Ismat va Ergash Muxtor saboqlaridan dilimga tushgan. Samarqandda va Moskovda tahsil olganlarimda Vohid Abdulloh, Nuriddin Shukur va Botir Valixo‘ja darslaridan yodimga ko‘chgan. Navoiyni menga singdirganlar orasida ustozlarimiz Azizxon Qayumov, Abduqodir Hayitmetov, Ibrohim G’ofurov, Ibrohim Haqqul, Sultonmurod Olimning hissalari beqiyos – birlari bilan suhbatdosh bo‘ldim, boshqalarining bitiklarini o‘qiganman. Va nihoyat, Navoiy haqidagi eng noyob manbaa – Navoiyning asarlaridir. Imkon qadar, aqli ojizimiz yetgancha o‘qiganmiz, o‘qiyapmiz va o‘qirmiz. Shu tariqa, el qatori mening ham qalbimda o‘z Alisher Navoiy bobom – Manim Hazratim shakllangan.    

 

«Ayon har lolasida ishq dog‘i...»

 

Manim oshiq Hazratim. Navoiy – oshiq. Alisher Navoiy asarlarining bosh mavzui – ishqdir. Insonni komillikka eltadigan vosita – muhabbatdir. Har bir g‘azal oshiq ruhiyatining oniy tasviridir. «Farxod va Shirin», «Layli va Majnun» singari dostonlarda esa oshiqlikning savqi ilohiysi, ishqning tarannumi badiiy timsollar vositasida ochilgan, ishq Navoiy asarlarining bosh mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Bil’aks, «Farxod va Shirin» dostonini boshlar ekan, shoir buni ta’kidlab o‘tadi:

 

Bu rangin sahfa, bilkim, dard bog‘i,

Ayon har lolasida ishq dog‘i.

 

Hazratimning tasvirlashicha, go‘dak Farxodni «ishq doyasi» emizgan, uning jismi «shu’lai dard»ga yo‘g‘rilgan, uning ismidagi har bir harf ishqning hosilalarini anglatgan:

 

F- firoq,

A – anduh,

R- rashk,

H hajr,

O – oh,

D – dard.

 

Navoiyning e’tiroficha, «basharniyat ko‘zining nuri ziyosi ishqdan», ishq «tole quyoshidir, qayg‘uli dillar tikanzori undan gulshan»dir. Oshiq «sut ichsa dur bo‘lur, qon ichsa – yoqut».

         Ishq dardini chekkan har oshiq borki, Hazrat Navoiydan madad topa oladi. Navoiyning ishqi mislsizdir. U ishqqa doxil insonlarning «ham tilu, ham ko‘ngli-yu, ham ko‘zi pok» ekanini aytadi. Inson ishq o‘tidan poklanadi.

Alisher Navoiyning ishq haqidagi nazariy qarashlari «Mahbubul qulub»da aks etgan. Shoir ishqni uch toifaga ajratadi. Birinchisi – oddiy odamlarning jismoniy lazzat va shahvoniy nafs bilan chegarangan ishqi. Uning oliy martabasi – shar’iy nikohdir. Ikkinchisi – pok ko‘zini pok niyat ila pokiza yuzga solgan, pok ko‘ngil ila pokiza chehraning shavqidan beqaror bo‘lgan pok insonlarning xos ishqi. Buni hozirda «platonik muhabbat» derlar. Uchinchisi – Haqning jamoliga yetish umidida matlub bo‘lgan siddiqlar, ya’ni shu yo‘lda o‘zini-da unutgan, o‘limiga-da tayyor haqgo‘ylar ishqi. 

         Manim Hazratim ham umrlari mobaynida yozgan g‘azalu dostonlari tarannumida Farhod kabi ana shu «xos pok ishq»qa doxil bo‘ldilar. Shoirning oydin nazarini ishq ehtirosi nurlantirib turadir. Ishq - Yaratganning ne’matidir, insonni yondirib poklaydir. Ishq Qaysni majnunu telba qilgan bo‘lsa, Farhodni tog‘larni yog‘day kesib, qasrga aylantirgan bunyodkorga aylantirdi – birini ado qildi, boshqasini paydo ayladi.

Keyingi paytlarda Navoiyning oshiqligini tamomila majoziy ishq sifatida talqin etadigan tatqiqotlar oqimi dunyoga keldi. Mening nazarimda, Navoiyning sevgisi aksariyat hollarda dunyoviy sevgidir. Aslida majoziy ishq bilan haqiqiy ishq qarama-qarshi turmaydi, majoziy ishq haqiqiy ishqning tajassumidir. Buni Navoiyning o‘zi ta’kidlagandir:

 

Gar Navoiy yig‘lasa, ishqing majoziydir dema,

Kim nazar pok aylagach, ayni haqiqatdir majoz. 

 

Ulamolarning ta’kidlashicha, Allohning mislsiz aqlidan bir misqoli uning muqaddas kitoblarida, ularni mushohada etgan mutafakkirlarda aks etsa, Yaratganning mislsiz husnu jamolidan bir chimdimi go‘zal yigit va qizlarda zuhurlanadi. Mavlono Rumiy Alloh «gizli qudrati»ni bandaga ozgina namoyish etish uchun dunyoni yaratganini aytadi, ya’ni uning yaratgani shunchalar go‘zal bo‘lsa, Yaratganning o‘zi qanchalar mislsizdir. Shuning uchun go‘zal va pok chehraga oshiqlik – Haqqa oshiqlikka yetaklaydi. Ishqi majoziy ishqi haqiqiyga olib boradi.

Navoiy umrining sarhisob pallasida bitgan «Lison ut-tayr»da o‘zini, o‘tgan umrini ham shafqatsiz taftish qilgani ayon. Alloh dargohiga safarga tayyorgarlik onida u umrini o‘tkinchi hoyu-havaslarga, oshiq-ma’shuqlikka sarf etganidan noliydi, o‘zini Allohga emas, mahbubasiga qurbon bo‘lishga tayyor ekanini so‘zlagan damlaridan afsuslanadi: «Alloh-Alloh, o‘ldirur sharmandaliq, Yodima kelsa bu yanglig‘ bandaliq». Bu e’tirof Navoiyning aksariyat g‘azaliyoti va ishqiy dostonlari dunyoviy ishqning mahsuli ekanini anglatadi (To‘g‘ri, insonning o‘zi – Allohning yaratgan mavjudotidir va uning qalbidagi ishq ham ilohiydir).

 

Yuz qarolig‘ oncha bo‘lmish jahl aro,

         Kim ko‘zimga qildi olamni qaro...

        

Umrining oxirida bu qadar ayovsiz zorlanish, o‘zini ayamaslik ham Navoiyning yana bir jasoratidir.

 

«Sha’mki, tuzluk bilan masrur o‘lur...»

 

Manim Hazratim – haq so‘zning qulidir. Navoiy haqiqiy mo‘min-musulmon edi. Hadisi shariflarda aytiladiki, «Allohning yo‘lidagi eng katta jihod – o‘z zarariga bo‘lsa ham haq so‘zni aytmoqdir». 

Navoiyning sher va durroj haqida bir rivoyati bor. Sher «g‘am aro g‘am», «g‘am neki, motam uza motam»ga sabab bo‘lgan durroj bilan do‘st tutinadi: «Mening qudratimdan qo‘rqma, do‘stim bo‘lsang, bu qudratim ila seni himoya ham qilarman», - deydi. Ammo durrojning sayrog‘ida yolg‘on bor ekan. Sher uni rostgo‘ylikka chaqiribdi, «to‘g‘rilar oldida yolg‘on sharafsizdir» deb ogoh etibdi. Durroj esa yolg‘on afg‘onlarini davom ettiraveribdi. Bir kuni durroj ovchining qo‘liga tushib, «dod, meni tuttilo», - deb chinqirganda, sher bu yana bir yolg‘on bo‘lsa kerak deb, parvo qilmabdi.  Navoiy bu hikoyatida yolg‘onchilikning alal-oqibatini ko‘rsatgan. Shoir shuning uchun «ne desang, chin degil», deb da’vat etadi. Zero, «qiyomat yer yuzida birorta ham diyonatli haqgo‘y qolmagan kuni bo‘ladi».

Navoiyning fikricha, har qanday yuzlagan mushkullarning yechimi – to‘g‘rilikdadir:

 

         Tuzlukka moyil o‘lki, ishing borgay ilgari,

         Yuz mushkul o‘lsa yo‘qsa ming oldingda har zamon.

 

         Navoiyning aytishicha, kotib qalami to‘g‘ri bo‘lsa, «yuz sahfani raqam» qiladi, cho‘pon tayog‘i to‘g‘ri bo‘lgani uchun «ming qo‘yni bir aso bila jam» qiladi.

         Alisher Navoiy «Hayratul abror»da shunday satrlarni bitgan:

 

         Sham’ki, tuzluk ila masrur o‘lur,

         Garchi kuyar, boshtin ayoq nur o‘lur.

         Barqki, egrilik o‘lubtur xo‘yi,

         Garchi yorur, lek borur yer quyi.

        

         Ya’ni: sham to‘g‘riligidan masrur, shoddir, chunki, o‘zi kuysa-da, boshdan oyoq nur sochadi, olamni yoritadi, yashin egri bo‘lgani uchun bir yarq etadi-yu, yer qa’riga ketadi. Rost gapirishning imkoni bo‘lmasa, hech bo‘lmaganda yolg‘on so‘zlamaslikka kuch topish kerak, deydi Navoiy: «Chin demas ersang, dema yolg‘on dog‘i».

        

         «Qurt jondin kechib ipak bo‘ldi...»

        

         Manim Hazratim – omilkor inson, so‘z va amal birligining tarafdoridir. Navoiyning asarlarini tatqiq etgan bir qator olimlarimiz uning naqshbandiya tariqatiga doxillini ta’kidlaydilar. Darhaqiqat, Navoiyning butun hayoti «Dil ba yoru dast ba kor» yo‘rig‘inining isbotidir.

         Bolaligimizdayoq mutolaa qilganimiz Navoiy haqindagi bir xalqona hikoya yodga tushadi. Bir yigit doimo odamlarga yordamlashar, aravasi loyga botganlarning aravasini yo‘lga chiqarar, bechoralarning yukini ko‘tarishib borar, buzilgan ko‘priklarni tuzatib qo‘yar, yo‘lda bir tosh turgan bo‘lsa, yo‘lovchilarga xalal bermasin, deb chetga olib tashlar ekan. Alisher Navoiy shu yigitga ehtirom ko‘rsatib, doim salom berar, so‘rashar ekanlar. Yigit o‘zicha shunday fikr qilibdi: «Men bir oddiy yigitga shuncha ehtirom bo‘lsa, kel, masjidga kirib nomoz o‘qiy, taqvodor bo‘lay, shunda Hazratning oldilarida yanada e’tiborga sazovor bo‘laman», - debdi. Yigit to‘n kiyib, salla o‘rab, erta-kech taqvo bilan mashg‘ul bo‘libdi. Bir kuni Navoiy yigitni ko‘rib, shunchaki salom berib o‘tib ketibdilar. Yigit boshqa gal Hazratni uchratib, sababini so‘rabdi. Shunda u kishi yigitga: «Avval, elga, beva-bechoralarga  na’fing tegib turganda asli musulmon eding», - debdilar. Navoiy diniy mutaassiblikka, ekstremizmga qarshi insondirlar. 

Shuning uchun aytilganki: «Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay». Bejiz Navoiy «el g‘amidan g‘ami» bo‘lmagan kishini odam emasligini ta’kid qilmaydi.

         Ahmad Yassaviy: «Tufroq bo‘lg‘il, olam sani bosib o‘tsin», - deb lutf qilganlar. Shavkat Rahmon chehrasining horg‘inlini, yerday rangparligini yuziga solganlarga qarata? «O’xshasak o‘xshabmiz o‘z yerimizga», - deb yozgan edi. Navoiy ana shunday o‘zini xoksor tutuvchi insonlarni sog‘inib yashagandir:

        

Bu qadar manzilatu qurbi buyuk poya bila,

         O’zini tutquvchi tufrog‘ ila hamvor qani?

        

         Elga na’f keltirish uchun va Allohning bandaligini oqlash uchun Hazrat Navoiy «o‘zni tufroq ila hamvor», teng ko‘rgan va bu bilan sharaflangan inson edilar. Hazrat Navoiyning insonparvarligi amaliydir. «Munshaot» - saltanat vale’ahdlariga bitilgan maktublar kitobidir. Shu bilan birga bu maktublar barcha insonlarga ham da’vat etilgandir. Unda shoir o‘z xoksorligini namoyon etadi, xalqqa foydasi tegadigan amallar yuzaga chiqishi, elning dardi podshohlarga yetishi uchun o‘zini bir qadar pastga urishdan or qilmaydi. Navoiy chamasi Badiuzzamon mirzoga yozgan maktubida shu satrlarni bitgan: «Bu faqiri xoksor va bu xokivashi be’etiborkim, bu davlatning eshik ostonasig‘a tufrog‘dek tushub erdimu xayolimda bu erdikim, magar ajal sarsari tufrog‘imni bo‘sag‘adin sovurg‘ay va o‘lim sayli xoshokimnibu eshikdan surg‘ay va lekin xayol botil ekandur va muddao otil...» Bugun bizning nazarimizda Navoiy qanchalar yuksak va buyuk, taxt talashgan shahzodalar qanchalar tuban ko‘rinadi. Ammo Navoiy o‘z maktubi taxt egalariga og‘ir botmasligi choralarini ko‘radi, o‘zini davlatlik xonadon eshigida tufroq deb tanishtiradi, chunki el uchun bir xayrlik ish amalga oshishi hazratimga o‘zlarining shaxsiy kibrlaridan ko‘ra zarurroq ko‘rinadi.

        

         «Ayladi sokin kurrai xokni...»

 

         Manim Hazratim - Mir Alisher Navoiy kosmik tafakkur sohibidur. Navoiy zamonda zamin voqe bo‘lib, inson yaralganidan to o‘zi tiriklik damlarigacha va kelgusi avlodlargacha - bizgacha va bizdan keyin keladigan avlodlargacha fikr suradi. Navoiy makonda koinot doirasida taxayyul daryosiga g‘arq bo‘ladi, samoviy tafakkur qiladi. Shoirning tafakkur va tasavvur miqyosi – samoviydir.

         Koinotni tasavvur qilar ekan, Navoiy ona Zaminimizni – kurrai xokni falakiyotning markazi deb biladi:

 

         Ayladik sokin kurrai xokni,

         Soyir etib davrai aflokni.

         Toki muhit o‘rniga aflok erur,

Markazi oning kurrai xok erur.

 

         Navoiyning astronomiyasida butun koinot yer atrofida aylanadi. Navoiyning fikricha, kurrai xokning - yerning markazi esa «ganji roz» bo‘lgan insondir:

 

         Ganjing aro naqd farovon edi,

         Lek baridir qaraz inson edi.

 

         Inson zaminning «ganji roz»igina emas, u fikrlovchi, «oriful ma’rifat» hamdir. Navoiy dunyoni «haram» - muqaddas deb biladi, va insonni «haram mahrami» hisoblaydi:

 

         Ayla Navoiyni burun odamiy,

         Kim bo‘la olg‘ay bu haram mahrami.

 

         Demak, inson koinot markazida turmog‘i – «haram mahrami» bo‘lmog‘i uchun «odamiy» - insonparvar bo‘lmog‘i kerak. Odamiylik yo‘qolganda hayot tugaydi, Qiyomat bo‘ladi. Navoiy «Hamsa»ning boshlanishida osmon bir etak gulday to‘kiladigan, yulduzlar bir hovuch kulday to‘zib ketadigan qiyomat qoyim manzaralarini chizadi:

        

Sovrulibon ko‘k bir etak gul kabi,

Qo‘zg‘alib anjum bir ovuch kul kabi...

         Yer tutibon avji falak tah tushub,

Gah bu chiqib yuqori, ul gah tushub,

O’t qilibon bahrda g‘avvosliq,

Tog‘ etibon charx uza raqqoslik.

 

         Bunday qiyomat qoyim kunida inson uchun najot imkoni bormi? Navoiy yozadi:

          

         Ul nafas iymon menga hamroh qil,

Ko‘nglum aro mahvi sivalloh qil...           

 

         Shu tariqa, Alisher Navoiy najotni – iymonda, iymonni odamiylikda, oriful ma’rifatda ko‘radi.   

 

         Darvoqe...

 

         Har kimning o‘z Navoiysi bo‘lmog‘i kerak. Navoiyga yaqinlashish uchun harakat lozim. Navoiy, aksariyat tolibi ilmlar xayol qilganidek, murakkab emas. Jur’at bilan kirishgan insonga Hazrat Navoiy bosqichma-bosqich ochilib boraveradi va bu ochilishdan inson kamolot kasb etadi.

         Navoiyni jiddiy o‘rganish lozimligini va Navoiyning o‘zbeklar va umuman turkiylar uchun qimmatini o‘tgan asrning boshida Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon ko‘targan edi. U o‘zining «500 yil (O’zbek bilim hay’atiga)» nomli maqolasida shunday yozgandi: «Chig‘atoy adabiyoti va tiliga Navoiyning qilg‘on xizmati juda ulug‘dir. Bu kungi yangi o‘zbek adabiyoti va uning bu kungi sodda shevasi, menimcha, o‘sha chig‘atoy shevasidan o‘zga emasdir...Usmonli adabiyotining ulug‘ vakili bo‘lg‘on Fuzuliyni mashhur usmonli yozg‘uvchisi Shamsiddin Somibek Navoiydan keyinga qo‘yib ko‘rsatadir. Mana bu ham, birgina o‘zbek qavmi adabiyotida emas, umum turk xalqi adabiyotida ham o‘ziga yarasha joy olg‘onini ko‘rsatadir».

         Cho‘lpon Navoiyning besh asrlik marosimini nishonlash lozimligini ta’kidlar ekan, yozadi: «Olamda o‘z adiblariga 5-6 asrlik bir tarix yashata bilgan xalqlar uncha ko‘b emasdir... Ruslar Pushkinning har 5 yili uchun ham katta bayramlar yasaydilar». Cho‘lpon Navoiyning tantanasiga tayyorgarlik asnosida hay’atlar tuzishni, asarlarini chop etishni, mukammal tarjimai holini yaratishni, Navoiy shevalaridan terma bir asarning nafis qilib chop etilishini, uning nomiga stipendiyalar tashkil etishni, ko‘chalarga uning nomini qo‘yishni orzu etadi.

         Buyuk shoir Cho‘lponning orzulari mustaqilligimiz sharofati bilan to‘la amalga oshmoqda. Bugun mamlakatning bosh maydonlaridan birida uning haykali qad rostlagan va bu yerda umummamlakat tantanalari o‘tadi, kelin-kuyovlar nikoh oldidan Navoiy poyiga gul qo‘yadilar. Navoiy nomiga shahar barpo etilgan, institutlar, milliy kutubxona, adabiyot muzeyi, milliy bog‘, teatr tashkil etilgan. Ozod yurtimizda Alisher Navoiy  asarlarining yigirma jildligi chop etildi.

         Balkim bizning asrimiz texnologiyalari, kompyuterlari, kosmik kemalari bilan olg‘a ketgandir. Ammo tafakkur va ma’naviyatda hali biz Navoiy sari intilishimiz kerak. Endi har birimiz Navoiy olamiga safar qilishga chog‘lanishimiz lozim. 

 

Karim BAHRIYEV

 

2007 yil, yanvar

 

 


Категория: Ilm-fan | Просмотров: 2929 | Добавил: Admin | Рейтинг: 0.0/0
Форма входа

Поиск

Календарь
«  Февраль 2012  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
272829

Архив записей

Друзья сайта
  • Официальный блог
  • Сообщество uCoz
  • FAQ по системе
  • Инструкции для uCoz

  • Copyright MyCorp © 2024Создать бесплатный сайт с uCoz