Nikoh vaqtida kuyov tomonidan kelinga beriladigan doimiy va shaxsiy mulkni mahr deyiladi. Mahr
nikohning vojiblaridan biri bo’lib, uning miqdori nikoh vaqtida tayin
qilinadi. Mahr kuyov tomonning imkoniyatiga qarab belgilanadi. Mahrni
quyidagi rivoyatga muvofiq berish sunnatdir. Rasululloh sallallohu
alayhi vasalam qizlari Fotima roziyallohu anhoni hazrati Ali
karramallohu bajhahuga to’rt yuz misqol nuqra mahr bilan uzatdilar. Mahrning
eng kam miqdori ham bor va bu qiymat "Majma’ ul-maqsud”da o’n tanga
(o’n dirxam(34 gr kumush)) deyilgan. Agar mahr bu miqdordan kam
belgilansa ham, o’n tanga berish vojib bo’ladi. Ko’pincha, nikoh
paytida qizning mahrini belgilamay, "mahriga bitta uy, oldi ayvon,
sigiri bilan” deb qo’yishadi. Buni kelin-kuyov tushunmaydi ham. Oqibatda
kelinlarimizning haqlaripaymol bo’ladi. Uy ham, mol ham bo’lajak
oilaning umumiy mulkidir. Nikoh paytida guvohlar ishtirokida mahrni aniq
belgilash, bu narsa kelinning shaxsiy va daxlsiz narsasi ekanini
tushuntirish, kuyovga esa va’da qilingan mahrni also sedan chiqarmay,
taqdim etishni yuklash, ayniqsa, muhimdir. Mahrni chin dildan rozi
bo’lib, xursandchilik bilan berish kerak. "Niso’”surasining 4-oyatida
Alloh taolo: "Va beringlar xotunlarg’a alarming mahrlarini
xursandchilik ila!..” deb buyurgan. Ma’lumki, bugungi kunda kuyov
tomonidan kelin tarafga to’y xarajatlari uchun u-bu narsalar yuborish
odati bor. Kelin tomondagilar bu narsalarni to’yga ishlatadilar va
qolgan ashyolar esa to’ydan keyin kelin-kuyovlarga beriladi. Bu narsalar
mahr bo’ladimi, yo’qmi, degan savol tug’iladi. Agar faqat to’y xarajati
niyatida yuborilgan bo’lsa, mahr hisoblanmaydi, lekin kelinning mahri
deb bersalar, mahr hisobiga o’tadi. Valiylar qabul qilgan taqdirda ham,
mahr kelinning shaxsiy va daxlsiz mulki bo’lgani uchun, uni xarj qilish
ham kelinning ixtiyoridadir. Bu narsalarni so’ramasdan ishlatishga hech
kimning, hatto ota-onasining ham haqqi yo’q. Yana bir odat bugungi
kunda og’riq nuqtalardan hisoblanadi. Ayrim joylarda kelin taraf kuyov
tomonidan " sut puli” va shunga o’xshash narsalarni tama va talab
qilishadi. Bu narsalarning ham mahrga also daxli yo’q. Qizimizni
"qimmatroqqa sotish”ni o’ylamay, buning o’rniga unga Allohdan
baxt-saodat, qo’sha-qo’sha farzand, oilasiga qut-baraka so’rab, duoda
bo’lishimiz a’lo emasmi? Janobi Rasululloh sallallohu alayhi
vasallam: "Ehtiyoji kam, mahri oz va farzand ko’rishi oson bo’lgan ayol
barakotli ayoldir”, deb bejiz aytmaganlar. Yigit mahrning hammasini berolmagan taqdirda ham, bir qismini ertaroq yuborsin. Mahrning
ma’lum bir qismiga qizlar uchun qadrli bo’lgan zirak, uzuk, soat kabi
tilla taqinchoqlar, marjon, marvaridga o’hshash ziynatlar va pardoz
ashyolari olib, nikoh paytida berilsa, nihoyatda foydali bo’ladi.
Qolaversa, shirin xotiralarga oshno ayollar uchun, bu baxtli-saodatli
kunlaridan qimmatli bir esdalik bo’lib qoladi. Bu holda ham albatta
kuyovning qudrat va toqatiga e’tibor berish lozim.
Ushbu ma’lumot Muhammadi Maxdum Shohmurodzoda Fazluddin Iqroruddin Hoji o’g’lining "Nikoh va oila risolasi” kitobidan olingan