Jamoat
transportida yurganlar avtobus tramvayda kundalik ko‘ngilsizligu
asabbuzarliklarga ko‘p uchrashadi. Yo‘lovchilarning birgina qo‘pol gapi
kun bo‘yi kayfiyatingiz buzilishiga kifoya qiladi. Axir hammaning
farosat darajasini bir xil deb bo‘lmaydi-da. Kimdir oyog‘ingizni bosib,
uzr so‘rashni xayoliga keltirmay bezrayib turaversa, kimdir
turtib-surtib o‘tib ketadi. Bular holva, endi yana bitta bosh og‘riq
qo‘shilgan: uyali telefon!
Ha, bosh og‘rig‘i desam, hayron
bo‘lmang. Ishdan chiqib, uyga yo‘l olarkansiz, transportdagi odamlarning
g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozi-yu, qahqahasi ham ba’zida g‘ashingizga
tegadi. Charchagansiz-da, hech narsa yoqmaydi. Bo‘sh o‘rindiq
topilsa-yu, manzilga yetguncha biroz tin olib ketsangiz. Lekin qayoqda?!
Odamlarning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘iriga quloqqa tikilgan naushniklardan
eshitilayotgan musiqaning ting‘ir-ting‘iri xayolingizni buzadi, sokin
xayol surishingizga, asabingiz bo‘shashishiga yo‘l bermaydi. Musiqa
ovozi bitta odamning telefonidan eshitilsa mayliku-ya, avtobusda yuzta
odam bo‘lsa, shundan kamida o‘ntasi har xil musiqa tinglaydi. Bir
tomondan Shakiraning qo‘shig‘i yangrasa, boshqa tomondan Beyons Noulz
kuylab turibdi. Bunday musiqani diskotekayu tungi klublarda tinglasangiz
ham, bunchalik asabiylashmaysiz (chunki u yerga siz musiqa tinglab dam
olishga borasiz), biroq transportda bunday jahon yulduzlarining xizmati
asabingizni buzishdan boshqaga yaramaydi. Har tomondan taralayotgan
g‘ing‘ir-g‘ing‘irni eshitishga majbursiz. Bunday paytda musiqa va
ijrochining ovozi qanchalik yoqimli bo‘lmasin, naushnikdan o‘tib,
sizning qulog‘ingizga yetib kelayotgan musiqa arining g‘ing‘illashiga
o‘xshaydi, xolos. Afsuski, uyali telefon ishqibozlari muisqa tinglash
bilangina cheklanishmaydi. Yo‘lovchilarning cho‘ntaklariyu
sumkalaridagi yoki qo‘llaridagi telefonlar biri olib, biri qo‘yib
jiringlaydi. Har tomondan yana har xil musiqa yoki "prikollar”
eshitiladi. Bitta telefondan "Asalim, jonim. Qalaysiz?” degan erkalovchi
so‘zlar eshitilsa, boshqa birovning telefonidan dag‘al musiqa sadolari
yangraydi. Siz esa jimgina eshitishga majbursiz. Asabingiz yana
buziladi. Lekin telefon jiringlagandan so‘ng, egasi qo‘ng‘iroqqa javob
berishi kerak. Bu esa bosh og‘rig‘ini yanada kuchaytiradi. Qizlaru
yigitlar telefonda munosabatlarni aniqlashtirishni, bir-birlariga dil
izhori qilishni so‘nggi paytlarda shunchalik yoqtirib qolishganki,
aloqaga qancha pul sarflashayotganini o‘ylab ham o‘tirishmaydi. Axir
his-tuyg‘ular mol-davlatdan ustun turadi-da! Biroq uyali telefon
operatorlari sevishganlarning bu boradagi mushkulini ham oson qilib
qo‘yishgan. Aksariyat tarif rejalarida kirish qo‘ng‘iroqlari tekin.
Demakki, kiruvchi qo‘ng‘iroqlarga karmonning ahvolini o‘ylab o‘tirmay,
siqilmay bemalol javob berish mumkin. Bu yog‘iga esa... har qancha
gapingiz bo‘lsa, gaplashaverasiz. Atrofdagi yo‘lovchilarning hammasi
sizning munosabatlaringizga beixtiyor guvoh bo‘layotgani bilan ishingiz
yo‘q (Nima bo‘pti, ularning hammasi yetti yot begonalar, ertaga
ko‘rasizmi-yo‘qmi, tortinishning nima keragi bor?). O‘nta odam
gaplashsa, o‘n tomondan e’tiboringizni tortadi. Har bir yo‘lovchining
muloqoti bir daqiqadan davom etgan taqdirda ham, o‘n daqiqa asabingizni
o‘g‘irlaydi. Eng qizig‘i, odamlar xuddi o‘z uyida o‘tirgandek, ovozining
boricha gapirishadi. "Ha, falonchi! Yaxshimisiz? Ishlaringiz
yaxshimi?..” Savollarning keti ko‘rinmaydi. Yuqorida aytganimdek,
yigit-qizlar munosabatlarini oydinlashtirish uchun telefondan foydalansa
bormi, suhbat degani yarim soatda ham tugamaydi. Tortinish, qimtinish
degan narsa yo‘q. "Avtobusdagilarning bari gaplashyapti-yu, men ham
gaplashsam, nima qipti?” — degan o‘y o‘tsa kerak ularning ko‘nglidan. Yaxshisi,
yaqinda guvoh bo‘lgan voqeani aytib beray. Avtobusda ketyapman. Bir qiz
telefonda gaplashyapti. "Aka” deb birovga murojaat qilyapti-yu, akaga
qilinadigan muomalani sezmadim. Qaysidir dugonasi bilan urishib
qolgani-yu, akasining unga nima uchun qo‘ng‘iroq qilgani, nega buning
qo‘ng‘iroqlariga javob bermagani, telefonni o‘chirib qo‘ygani sababini
yarim soat ham, roppa-rosa qirq besh daqiqa surishtirdi. Surishtirganda
ham, butun avtobus eshitadigan qilib. O‘sha qizning yonida o‘tirib
ketayotgan ayol bir necha marta ta’nali qarab qo‘ysa ham, qiz parvoyiga
keltirmaydi. Qaytaga, "tergovi”ni avjiga chiqardi. Shunda ham o‘zi
istagan javobni ololmadi, chog‘i, "Mayli, aka, men hozir avtobusdaman.
Uyga borganimdan keyin bemalol gaplashamiz”, — dedi! Ana shunaqa
gaplar. Uyali telefon jamoat transportidan foydalanuvchilar uchun bosh
og‘rig‘iga aylanib boryapti, desam, ajablanmang. Bunga o‘zingiz ham ko‘p
marta guvoh bo‘lgandirsiz.
|