Milliy san’at markazida «Bolajonlar — shirintoylar» bolalar moda festivali bo‘lib o‘tdi.
«O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi, «Osiyo ramzi» O‘zbekiston dizaynerlar va modelerlar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan festivalda mamlakatimizning iqtidorli yosh dizayner, modeler va rassomlari bolalarga atalgan liboslari to‘plamlari bilan ishtirok etdi.
An’anaviy «Bolajonlar — shirintoylar» festivali bolalar liboslarini yaratish bo‘yicha izlanayotgan yoshlarni aniqlash, mahalliy xomashyodan bolalar, o‘smirlar va bo‘lg‘usi onalar uchun qulay kiyim-kechaklar ishlab chiqarishga yaqindan ko‘maklashish imkonini bermoqda. Ayni paytda festival ekologik talablarga javob beruvchi, ko‘rkam va bejirim kiyimlar modellarini yaratishga xizmat qilmoqda. Mazkur ijodiy loyiha yangi nomlarni kashf etish, ishlab chiqaruvchilar va ijodkor dizaynerlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashda, bolalar modasida yangi yo‘nalishlarni yaratishda o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bu yilgi festivalda yurtimizning barcha hududlaridan ko‘plab dizayner va modelerlar o‘z to‘plamlari bilan ishtirok etmoqda. Milliy va sport kiyimlari, farzand ko‘rish arafasidagi ayollar uchun liboslar, «avangard» uslubidagi kiyim-kechaklar, maktab formasi shular jumlasidandir.
Festivalda libos to‘plamlari eng yaxshi deb topilgan ishtirokchilarga diplomlar topshirildi.