Shirinning otasi qanday yashayapti, degan savol sizni qiziqtirsa kerak. Oradan
o‘n yil o‘tgan bo‘lsa-da, Aziz umuman o‘zgarmagandi. O‘ttiz uchga kirsa
ham quyilmagan. Ikki marta panjara ortida o‘tirib chiqdi. Bekorchilik
bilan band Aziz kun bo‘yi uyda o‘tirar, xotiniga azob berar, nogiron
o‘g‘lini urardi. Yaxshiyam otasidan qolgan do‘kon bor ekan, ro‘zg‘or
xarajatlarini ko‘tarishga yarab turibdi. Lekin Aziz pulning deyarli
hammasini ko‘chada sovurib keladi. Xotinining qiynalayotganiga parvo ham
qilmaydi. Aziz hatto ota-onasini ham yaxshi ko‘rmaydi. Qarib, biror
ishga yaramay qolgan ota-onasini qariyalar uyiga tashlab keldi. Azizni
otasi juda erkalatib o‘stirdi. Topganini o‘g‘liga bag‘ishladi. Shu
boismi, o‘g‘il bebosh bo‘lib o‘sdi. Avval o‘qishdan haydalib,
ota-onasining yuzini yerga qaratdi. So‘ng jinoiy ishlarga aralashib
qoldi. Oshnalari nobop edi uning. Buyam yetmagandek, to‘rt marta
uylandi. Avvalgi xotinlari uning giyohvandligiga chiday olishmagan,
tashlab ketishgandi. To‘rtinchi xotini Laylo ancha sabrli ekan, shu
kunga qadar erining zulmiga bardosh berib yuribdi. U har hafta yig‘ilgan
pulni olib, mashinasiga minib, shaharga maishat qilgani jo‘nar, xotini
va nogiron o‘g‘liga mehribonroq bo‘lishni o‘ylamasdi... * * * Shirinning
onasi Lolaning taqdiri ne kechdi, deb o‘ylarsiz. Yillar o‘tib, u
obro‘li bolalar shifokoriga aylandi. Qabuliga kirish uchun odamlar
haftalab navbat kutishadi. Endi u avvalgi bo‘sh-bayov, yuvosh qishloq
qizi emas, qat’iyatli, o‘ziga ishongan, qalbidan ezgulikni sitib
chiqargan Lola To‘raevna. Uni shifoxonada hamma hurmat qiladi, bir so‘zi
ikkita bo‘lmaydi. Lola turmushga chiqmadi. O‘zini ishga, aniqrog‘i,
mol-davlat topishga, mansabga erishishga bag‘ishladi. Ammo ba’zan
bolasini suyib-erkalayotgan onalarni ko‘rganda, tashlab ketgan go‘dagi
yodiga tushadi, vijdoni azoblanadi, tushida qizining yig‘isini
eshitganday bo‘ladi. Lekin u shu paytgacha farzandini izlash haqida
biror marta o‘ylab ko‘rmadi, mol-davlat oilaviy baxt o‘rnini
to‘ldirgandek edi nazarida. Lolaning farzandi bo‘lmasa ham, ishongan
tog‘i — Adham akasi bor. Ayol u bilan juda yaqin. Adham Muxtorovichga
ikkinchi xotin edi deyarli. Munosabatlari noqonuniy, noshar’iy bo‘lsa
ham, Lola o‘kinmasdi. Adham Muxtorovich ayolning "xizmatlari”ni munosib
baholab, to‘rt xonali kvartira, mashina olib bergan, bosh shifokor
bo‘lishiga turtki bo‘lgandi. Ayol o‘zini unga oshiq qilib ko‘rsatsa-da,
aslida butkul befarq, faqat obro‘siyu davlatidan foydalanardi. Lola
xatosini tuzatish o‘rniga ketma-ket xatoga yo‘l qo‘yayotganini
sezardi-yu, ortga qayta olmasdi. Chunki u azob chekib, sabr qilishni
emas, gunohlar evaziga bo‘lsa ham rohat-farog‘atda, kam-ko‘stsiz
yashashni istardi. Uni endi faqat pul qiziqtirardi, xolos. Mehribonlik
uyiga tashlab ketgan farzandini deyarli eslamasdi... * * * Bugun
Shirinni maktab direktori a’lo bahoga o‘qigani, "Yosh bilimdonlar”
tanlovida g‘olib chiqqani uchun hammaning oldida faxriy yorliq hamda
yumshoq o‘yinchoq bilan taqdirladi. Qiz rosa suyunib, onasining yoniga —
tezroq suyunchi olishga oshiqdi. Nargiza ham qizining maktabdan kelishini intizorlik bilan kutayotgandi. Shirin
yugurib mashina yo‘lga chiqdi. U katta tezlikda kelayotgan mashinadan
oldinroq yo‘lni kesib o‘tishiga umid qilgandi. Biroq... Biroq
ulgurolmadi. Uchib kelayotgan mashina qizchani urib yubordi. Shirinning
qo‘lidagi faxriy yorliq, o‘yinchoq g‘ildiraklar ostida g‘ijimlanib
ketdi. Haydovchi yigit mashinadan tushmadi. Gazni qattiqroq bosib, tezda
voqea joyidan g‘oyib bo‘ldi... Nargizaning xavotiri oshdi.
Shirinning hadeganda kelavermayotgani ko‘ngliga g‘ulg‘ula solgandi. Ayol
sarosimalanib ko‘chaga chiqdi. Maktab unchalik uzoqmas. Katta ko‘chaga
chiqib o‘sha yoqqa qarab yurgan Nargiza odamlarning bir joyda to‘planib
olgancha, bir nimalarni muhokama qilishayotganini ko‘rib, battar
xavotirga tushdi. U yugurib o‘sha yoqqa bordi. Ayol yerda qonga belanib yotgan qizini ko‘rdi-yu, hushidan ketdi... Shirin
og‘ir jarohatlangan, uni darhol operatsiya qilish zarur edi. Nargizani
zorlanib yolvorishlariga qaramay, qizining yoniga kiritishmadi, bosh
shifokor bilan gaplashishni maslahat berishdi. Nargiza bosh shifokor degan yozuvli xonaga asta bosh suqdi: — Mumkinmi? — Ha, kiring, — dedi Lola sovuq ohangda. — Men hozir shu yerga keltirilgan qizning onasiman... — deya umidvor ko‘zlari bilan shifokorga termuldi Nargiza. —
Ha, sizmisiz? — Lola unga boshdan-oyoq razm solib chiqarkan,
afsuslangandek bosh chayqadi. — Qizchani ko‘rdim, ahvoli juda og‘ir.
Tezda operatsiya qilish kerak. Oshqozon devori qattiq shikastlangan,
shuning natijasida ichagidan qon keta boshlagan. Boshi ham yomon
jarohatlangan. Xullas, ahvoli og‘ir. — Do‘xtir, iltimos, bir ilojini qiling, qizimni saqlab qoling, — o‘tindi Nargiza. —
Yig‘layvermang, bolangizning hayotini asrab qolish mumkin, faqat... —
Lola ayolga sinovchan tikildi. — Faqat kerakli dorilar harajatini
to‘lasangiz... — Ayting, men qizimdan ayamayman. Uni asrab qolsangiz bas. — Yaxshi, tushungan ayol ekansiz, bolangizning ahvolini o‘zingiz ham ko‘rib turibsiz. Uni davolashga kamyob dorilar zarur. — Qancha bo‘ladi, do‘xtir? — 300 dollar, faqat pulni tezroq opkelishingiz kerak. —
300?.. — Nargiza bo‘shashib qoldi. — Lekin buncha pul yo‘q menda...
Yaqinda otamni davolatishga yiqqanlarimni sarflab bo‘lgandim, agar iloji
bo‘lsa... — Nargiza shoshilib barmog‘idagi uzugi, qulog‘idagi ziragini
yechdi. — Mana bularni olib turing, pulni keyin to‘g‘rilab beraman. —
Menga qarang, — Lolaning ingichka qoshlari chimirildi. —
Taqinchoqlaringiz kerakmas menga. Pul toping, o‘shanda operatsiya qilish
mumkin. — Iltimos, do‘xtir... Nargiza qancha yalinib-yolvormasin,
Lolaning ko‘ngli yumshamadi. "Pulni topib kelsangizgina operatsiya
qilaman”, deb, uni xonasidan chiqarib yubordi. Nargiza yig‘lab
xonadan chiqarkan, qaerga borishini, dardini kimga aytishni bilmasdi.
Axir, buncha pulni hozir qaerdan topadi? Kim beradi unga? Ayolning esiga
Munira opa tushdi. Umid bilan mehribonlik uyiga yugurdi. Nargiza
yig‘lagancha bo‘lgan voqeani aytib berdi. Munira opa bolalarga
ajratilgan jamg‘arma pulini oldi-yu, Nargiza bilan kasalxonaga jo‘nadi.
Reanimatsiya xonasiga yo‘nalgan ayollarni hamshira g‘alati qarshi oldi.
Afsus bilan bosh chayqarkan, dedi: — Sizga hamdardman, opa, biroz kechikdingiz. Qizingiz... o‘n daqiqa oldin jon berdi. Asrab qololmadik... Nargizaning lablari titradi. Hamshiraga qarab baqirdi: — Bo‘lishi mumkinmas! Yolg‘on!.. Nargiza
yupatishga uringan hamshirani siltab tashlab, xonaga kirdi. Shirinning
jasadi hali sovib ulgurmagandi. Onaning faryodi butun kasalxonani tutdi.
Munira opa ko‘rganlari haqiqat ekaniga ishonolmasdi. Shovqinni eshitib
Lola kirib keldi. — Sen ablahsan! Bolamni sen o‘ldirding!.. — Nargiza
jonholatda unga yopishdi. — Shunchalik pastkash, iflosmisan?
Vijdoningni pulga sotib, shifokorman, deb yuribsanmi? Hamshiralar alamzada onani zo‘rg‘a ajratib olishdi. — Nimaga menga baqirasan, ziqna? — shang‘illadi Lola. — Vaqtida pulni olib kelgin edi. Munira
opa iymonini yutgan ayolga nafrat bilan qaradi-yu, kimnidir eslagandek
bo‘ldi. Bu yuz unga tanish edi. Yaxshilab razm soldi-yu, o‘n ikki yil
burun farzandini mehribonlik uyiga tashlab ketgan Lolani tanidi. — Meni tanidingmi? — dedi Munira opa unga tikilib. — Yo‘q! — zarda qildi Lola. —
Nahotki tanimagan bo‘lsang? O‘n ikki yil oldin qizingni menga,
mehribonlik uyiga tashlab ketganding-ku. Endi eslolmay qoldingmi? — Nimalar deyapsiz? — Lola qarshisidagi ayolga hadik, taajjub bilan tikildi. —
O‘n ikki yil oldingi voqea esingdan chiqib ketdimi? Yonimga yig‘lab
kelib, chorasizligingdan, taqdirning berahmligidan noliganding... Lola qotib qoldi. —
O‘shanda meni xudo urgan deb xo‘ngrab yig‘laganding, — nafrat bilan
davom etdi Munira opa. — Ayanchli ahvolda eding. Endi-chi? Juda o‘zgarib
ketibsan. Yillar seni toshbag‘ir, insofsiz qilib qo‘yibdi. Xudo urgan
bo‘lmasa, onang seni deb o‘lib ketarmidi, gulday qizing seni deb jon
berarmidi?. Xayf senga, endi bir umr o‘nglanolmaysan. O‘z bolangning
boshiga yetding-a!.. Lola Shirinning jasadini quchib yig‘layotgan
Nargizaga dahshatlanib qaradi. Nahotki?.. Nahotki, u o‘z farzandining
qotili bo‘lsa?.. Ayol telbalarcha qichqira ketdi... * * * Taqdirning
o‘yinlari beshafqat ekan. Shirinni urib ketgan haydovchining shaxsi
aniqlandi: mast holatda mashina boshqargan kishi Aziz bo‘lib chiqdi!.. Badbaxt
otani sakkiz yilga, poraxo‘r onani esa uch yilga ozodlikdan mahrum
etishdi. Jinoyat jazosiz qolmaydi. Biroq ularga eng katta jazoni
Xudoning o‘zi berdi. Bir umrlik vijdon azobi umrlarining so‘ngiga qadar
ularni azoblashi tayin edi...