Men
sizni sog’indim. Ha, sizni sog’indim! Yaxshiki, qalbimda bosh
ko’targan bu tuyg’u muddaosidan hali u qadar bohabar emasman. Ammo
uni sevgi huruji deya juda olisdan-da, tan olmoqqa qo’rqaman. Men
sizning zuluqdan qop - qora qoshlaringizni, tunni lol qoldiruvchi
sochlaringizni, sutga chayilganday oppoq yuzingizni emas, hayo
sayqal berib, imon suvida yuvilgan tiniq chehrangizni
qumsayotgandayman. Bilasizmi, maysa yaprog’idagi shudringning
to’kilishi uchun tong chog’i erkalangan subh sabosining ojiz eskani
kifoya. Nazarimda, yuragimni simmillatgan og’riq dardi ham o’sha
maysa bargidagi tomchiday omonat va hadikli. Hadiklisi
shundaki, uning bag’rida vujudni oziqlantiruvchi ishq niholi nish
urmog’i havfi bor. Ammo bu behosiyat, bemaqsad istakning qad
rostlashiga imkon berish dil farog’ati va sokinligiga rahna solish
bilan barobardir. Go’zallik hamisha ehtiyojga muhtoj. Sizdagi
joziba va nafosat ehtimolki o’z tafakkuriga kuchi yetmaydiganlarni
tuyqus qalqitar, haq fikrdan chalg’itar. Komillar esa yuzingizni hijob
kabi o’ragan hayo pardasi-yu, imon nurini sezmasligi mumkin emas.
Men sizni sog’indim! Siz aslida siz emas. Sizning timsolingiz
sizdan- da ofiyatli, sizdan-da ziynatli. Buni anglamoq
osonmas. Buni faqat qalb ko’zi ila ko’rishga qodir insonlar sezurlar.
Inchunin, men sizdagi ibo, iffat va beg’uborlikka tashnaman.
Tashnalik - sabrni qaqshatuvchi sezgi. Bu sezgining ko’zi ko’r.
Unga sarbon kerak, posbon kerak, qanoat kerak. Ammo tashnalik
vaqtida qondirilmasa telbalikka aylanur. Telba uchun ikki dunyo bir
odim. Yana bilingki, boylikka, amalga, shohlikka tashnalik
ortidan ortadigan telbalikdan ishq azobidan keladigan Majnunlik
azoblidir, og’riqlidir. Men sizni sog’indim! Sizning beg’ubor
yuzingizga boqmoqlik ibodat taftini berayotganday. Ovozingizda ona
allasi kabi buyuk taskin zohir. Nigohingiz bemorni oyoqqa
turg’azishga qodir. Siz suhbatdoshga mehr ulashasiz, qalbingizdan
sachragan uchqun o’zga qalbni yondirmog’i, adoi-tamom qilmog’i
mumkinligini hatto tasavvur ham qilolmaysiz. Chunki, siz shunday
yaralgansiz. Nazokatli ayolsiz, ehtimolki, zebigardonlarga
ko’nglingiz sust ketar. Shu vajdan oltinu zar do’konlariga
kirgandirsiz. Bilasizmi, peshtaxtada ko’zingizni
qamashtiruvchi taqinchoqning haridori kam. Nega shunday, nega asl
toshlar ostga cho’kib, soxtalari sotilar? Chunki, asl ashyo kamyobdir,
kamyob durning asl egasi ham sanoqli. Oltin egasini topsagina
qadrlanur. Aks holda sotilib, javonda saqlanishidan ne naf? Bokira
ayol ham – qo’l tegmagan javohir kabi sadoqatli yorini uzoq
kutishga majbur. Bu yorug’ olamda bitta giyohning, xas – cho’pning ham
yaratilishida katta ma’no bor. Agar u keraksiz bo’lsa –
yaratilmasdi. Yaratilibdimi, kurrai zaminning qay bir burchagida
egasi ham, haridori ham kutib yashayapti. Taqdirida yozilgan-ki,
o’z juftini topgay. Qarama – qarshi yo’nalishdagi yo’lovchi
yo’ldosh bo’lolmagani kabi, aqlliga aqlsiz, do’stga dushman, donoga
nodon yorlikka yaramaydi. Qarang, fikrlar selday yog’iladi,
tafakkur tutqich bermaydi, ammo baribir sog’inch olovi pasaymaydi.
Men sizni sog’indim. Nega, deb o’ylaysiz chog’i? Koshki bu so’roq
javobini o’zim topolsam. Topganim shuki, bir suhbat barobarida
maqomingizni angladim. Odamlar yong’oqning po’stiga qarab
baholaydilar, mag’zi va mazasini surishtirmaydilar. Yong’oqning
po’sti bu shunchaki – sirt, sirtdan hamma narsa chiroyli va
diltortar. Diltortar-u, biroq shubhali. Har bir yaltiroq tosh yoqut
emas-ku. Har bir yoqimtoy qiz qalbi g’uborsiz deb kim aytadi? Men
esa o’z baxtimdanmi va yoki navbatdagi baxtsizligimdanmi
sizning siyratingizni uqib oldim. Bu jarayon darhol emas, o’sha
suhbatdan so’ng ancha o’tgach, asta – sekin bilindi. Yurak –
yurak-da, darrov ko’krak nafasini buzmoqqa chog’landi. Aql –
aql-da, yurakka qo’l soldi. Holatimni anglatmoqqa urindi. Dediki,
"O’zga bir qalbni fath etishga jur’at etibsan-u, bu charog’on
go’shaga musofirlar qo’yilishi yoki qo’yilmasligini nega o’ylab
ko’rmading? Nahotki, daydi va aldoqchi hayollar qanotiga
minish hatarini bilmading? Osmondagi oyni yoqtiruvchilar kammi yoki
o’zing uning jamoliga oshufta emasmisan? Biroq hech qachon
uni qo’yningda ko’rmoqni orzulamaysan-ku? Hozirgi holatingni shunga
qiyoslayver. O’z holini bilmaganning ahvoliga voy… Yaxshisi,
siyohi qurimagan maktubingga chiziq tort, yuragingda uyg’onayotgan
sarobiy umidlarni parchala, yerga tush, hayol bilan hayot
oralig’ida sargardon yurma, shayx San’on boshiga tushgan savdoni sotib
olma, illo sening shayxniki kabi oqil muridlaring yo’q… ” Men
sizni sog’indim. Aql tarozusi bilan his – tuyg’uni o’lchab
bo’lurmi? Tuyg’ular oddiy loymidi qolipga tushsa. Kim nima desa,
deyaversin, menga aql o’rgatmoqchilarni ahmoqqa chiqarurman,
ko’ngilni jilovlash mumkin, deguvchilar ustidan handon otib
kulurman, esingni yig’, deya dag’dag’a qiluvchilar og’zini
yopurman, illo sizni sog’inishdan charchamasman. Qo’lim oyga
yetmasligini bilsam – da, sarobga sahovat yo’qligini anglasam – da,
orzulardan yasalgan parivashligingizga ishonsam – da, yo’limdan
qaytmayman.